Hozirda Samarqand viloyatida 1843 ta chorvachilik fermer xo‘jaligi faoliyat yuritadi. Ularning ixtiyorida 98 ming 58 bosh qoramol, 222 ming 883 bosh qo‘y-echki, 4 ming 664 bosh ot, 4 million 618 ming 549 bosh parranda bor.
2023 yilda viloyatda chorvachilikning barcha tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 760,1 milliard so‘mlik 458 ta loyiha ishga tushirilib, 2550 nafar yangi ish o‘rni yaratilgan.
Joriy yil viloyatimizda chorvachilikni rivojlantirish uchun qiymati 629 milliard 45 million so‘mlik 93 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan, - deydi viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Odilxon Baqoyev. - Jumladan, paxta-g‘allachilik klasterlari tomonidan qoramolchilik komplekslarini tashkil etish bo‘yicha qiymati 364 milliard so‘m va chorva soni 10 ming 500 bosh bo‘lgan 12 ta loyiha amalga oshiriladi. Shu yo‘nalishdagi yana bir qoramolchilik yo‘nalishidagi loyiha doirasida qiymati 175 milliard 745 million so‘mlik 7888 bosh qoramol boqiladigan 46 ta loyiha ishga tushiriladi. Qo‘y va echkichilik yo‘nalishida qiymati 7 milliard so‘m bo‘lgan 3700 bosh qo‘y boqish rejalashtirilgan 4 ta loyiha ishga tushadi.
Misol uchun, Bulung‘ur tumanidagi “DAMIR AMIR AGRJ” fermer xo‘jaligi tomonidan 15,8 milliard so‘mlik 2000 boshli chorva kompleksi tashkil etiladi. Mazkur kompleksda 2 ming bosh chorva mollari parvarishlash yo‘lga qo‘yilishi bilan 200 tonna go‘sht ishlab chiqariladi. Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “KATTAKURGAN CHARM” MChJ tomonidan 32 milliard so‘mlik 800 boshli chorva kompleksi tashkil etish va 150 tonna go‘sht, 3300 tonna sut ishlab chiqarish hamda 2500 tonna sut, 50 tonna go‘shtni qayta ishlash rejalashtirilgan.
Yil yakuni bilan barcha toifadagi xo‘jaliklarda qoramollar bosh sonini 1 million 804 ming (o‘sish sur’ati 103 foiz) boshga yetkazish rejalashtirilgan. Barcha toifadagi xo‘jaliklarda qo‘y va echkilar bosh soni bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarni 2 million 756 ming (o‘sish sur’ati 102,8 foiz) boshga, shundan, fermer xo‘jaliklarida 233 ming (o‘sish sur’ati 103,0 foiz) boshga yetkazish mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, barcha toifadagi xo‘jaliklarda go‘sht yetishtirish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarni 340 ming 480 tonnaga, barcha toifadagi xo‘jaliklarda sut ishlab chiqarish rejasini 1 million 532 ming tonnaga yetkazish kutilmoqda.
Yana bir ahamiyatli jihat shundaki, 2021 yil iyuldan 2023 yil 1 yanvarga qadar realizatsiya qilingan parranda go‘shti uchun 47 milliard so‘m va tuxum mahsuloti uchun 16,4 milliard (jami 63,4 milliard) so‘mlik subsidiya ajratildi.
2024 yilda tuxum ishlab chiqarishni 1,5 milliard donaga (2023 yilga nisbatan 15 foizga ko‘p), go‘sht yetishtirishni tirik vaznda 178 ming tonnaga (2023 yilga nisbatan 18 foizga ko‘p) yetkazish kutilmoqda.
Joriy yilda Samarqand tumanida Agroparranda klasteri (tashabbuskor “Navobod Naslli Parranda” fermer xo‘jaligi) tashkil etiladi. Qiymati 60,7 milliard so‘m bo‘lgan 15 ta parrandachilik loyihasi amalga oshiriladi va 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Natijada, viloyat aholisining tuxumga bo‘lgan talabini 166,6 foizga, parranda go‘shtiga bo‘lgan talabini 199,3 foizga ta’minlashga erishiladi.