Minnatdorlik maktubi


Minnatdorlik maktubi

31.10.2024

Yaqinda Samarqand shahrida Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti (JHST) Yevropa mintaqaviy komissiyasining 31-konferensiyasi o‘tkazilgan edi.

Konferensiya doirasida xalqaro tashkilot rahbarlari va xorijlik mehmonlar Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti faoliyati bilan tanishgan edi.

Universitetda joriy etilgan “JHST modeli” haqidagi taqdimot, veterinariya sohasi uchun xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otgandi. Shuningdek, uchrashuvda Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti bosh direktori Emmanuel Subeyran xonimga Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining “Faxriy professori” ilmiy unvoni berilgandi.

Kuni kecha Emmanuel Subeyran xonimdan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektoriga minnatdorlik maktubi keldi. 

“Universitet o‘qituvchilari va talabalari tomonidan taqdim etilgan taqdimot va Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkilotining maqsadli umumiy sessiya jarayonini ko‘rib, xursand bo‘ldim va ta’sirlandim. Barcha ishtirokchilar tomonidan yuqori baholangan ushbu mashg‘ulotni tayyorlashga sarflagan vaqtingiz va kuchingiz uchun sizga katta rahmat aytmoqchiman. Bu siz rahbarlik qilayotgan universitetning akademik va amaliy ko‘nikmalarga alohida e’tibor berishi, sifatli ta’limni ta’minlashga sodiqligining yaqqol isbotidir”, deyiladi maktubda.

Shuningdek, JHST bosh direktori Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti o‘z sohasiga va butun jamiyatga munosib hissa qo‘shadigan mutaxasislarni shakllantirishda hal qiluvchi rol o‘ynayotganini e’tirof etgan.