Emlash hayvonlarni quturishdan asraydi


Emlash hayvonlarni quturishdan asraydi


Har mavsumda uy hayvonlarini yuqumli kasalliklar, jumladan, quturishga qarshi emlash o‘tkazilishi shart. Hayvonlar ham issiq jon emasmi, turli xastaliklar, jumladan, yuqumli kasalliklarga moyil bo‘ladi. Ularni bugungi kunda uchrab turadigan xavfli kasallik — quturishdan saqlash uchun emlash choralarini ko‘rish zarur.

 

 Uyda saqlanayotgan har bir xayvonni avvalo veterinar shifokor ko‘rigidan o‘tkazish, so‘ngra emlash choralarini amalga oshirish talab etiladi. Hayvonlar orasida tarqaladigan bu kasallikning dastlabki belgilari sifatida ulardagi bezovtalik, suyuqlik ichishdagi qiyinchilik, egasini tanimaslik holatiga tushish singari jarayonlar kuzatiladi. Markaziy asab tizimining og‘ir zararlanishi, faoliyati sustlashishi natijasida it va mushuklarda og‘zidan so‘lak oqish, ovqat yeyaolmaslik kabi belgilar ko‘zga tashlanadi. Vaqtida hayvonlar emlanmasa, ular odamga tashlanishi, tishlab, jarohat yetkazishi mumkin. It yoki mushuk tishlagan odam, albatta, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi va zarur muolajalarni olishi kerak.

Insonga tan jarohati yetkazgan hayvon 10 kun muddatga veterinariya nazoratiga olinadi. Shifokorlar tomonidan hayvondan zarar ko‘rgan inson kerakli tibbiy yordam oladi.

Har yili mavsumda quturgan it yoki mushukdan zarar ko‘rgan insonlar haqida turli gap-so‘zlarni eshitib qolamiz. Quturish insonlarga hayvonlardan yuqishi bilan eng xavfli kasalliklardan biri hisoblanadi. Uyda saqlanayotgan it, mushuk, chorva mollarini doimiy ravishda mutaxassislar nazorati ostida emlatib turish lozim. Bu profilaktik tadbir yil mobaynida o‘tkaziladi. Bo‘limimiz tomonidan ko‘chalardagi egasiz, daydi it va mushuklarni tutish xizmati ham joriy etilgan. Ayni paytda xodimlarimiz kasallikning oldini olish maqsadida bu tadbirlar ko‘lamini kengaytirmoqdalar.

Salomatligimizga jiddiy xavf soladigan bu kasallikning tarqatuvchilari hayvonlar ekanligini nazarda tutib, uyimizda saqlanayotgan barcha jonivorlarni emlash kasallikdan saqlanishning eng birinchi talabi ekanligini unutmaylik.